Futzal. “Huaxin-Jizzax”ni yenga olgan “Metallurg” “Neftchi”ga magʻlub boʻldi

Olmaliqdagi “OTMK” sport majmuasida davom etayotgan futzal boʻyicha mamlakat chempionatining uchinchi tur oʻyinlari qizigʻandan qiziyapti. Bugun nihoyasiga yetgan beshinchi kungi uchrashuvlar ham muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. Kunning dastlabki oʻyini kutilmagan natija bilan yakun topdi. Kecha chempionlikka asosiy daʼvogar “Huaxin-Jizzax” jamoasini yirik hisobda magʻlub etgan “Metallurg” bugun “Neftchi”ga imkoniyatni boy berdi. Vaholanki, bekobodliklar uchrashuvning dastlabki daqiqasidayoq hisobni ochgandi. Qiziq tomoni, darvozalarga kiritilgan 13ta gollarning uchdan birini futzalchilar oʻz darvozalariga yoʻllashdi – “Metallurg”da uchta, “Neftchi”da esa bitta “avtogol”. “Maksam-Chirchiq” va “Bunyodkor” jamoalari oʻyini teng kurashlar ostida oʻtdi. Eʼtiborli jihati, uchrashuvning dastlabki daqiqasida hisobni ochgan chirchiqliklar raqib darvozasini boshqa ishgʻol eta olishmadi, “qaldirgʻochlar”ning uchinchi goli esa oʻyin tugashini bildiruvchi xushtak bilan bar-baravar yuz berdi. Kunning soʻngi oʻyini boshi ham qiziq tus olgandi. “Navbahor” ikkinchi daqiqadayoq “Huaxin-Jizzax” darvozasiga gol kiritdi, keyin hisob tenglashdi, koʻp oʻtmay namanganliklar yana hisobda oldinga chiqishdi. Buyogʻiga tajriba oʻz soʻzini aytdi – Bahodir Ahmedov shogirdlari kechagi magʻlubiyatdan toʻgʻri xulosa chiqargan holda tashabbusni oʻz qoʻllariga olishdi va yirik hisob qayd etishdi. Futzal. Oliy liga Olmaliq. “OTMK” s.m. 3-tur. Beshinchi kun. 6 dekabr,du shanba METALLURG – NEFTChI – 6:7 (1:4). 23 tomoshabin. Hakamlar: Jasur Tursunboev, Aziz Karimov, Sultonmurod Abdurahmonov Nazoratchi: Baxtiyor Namozov Komissar: Rustam Zuparov Gollar: Farhod Qodirov (1), Sanjar Ziyoxonov (18-oʻz darv., 38), Maxsud Fayzullaev (23-oʻz darv.), Temur Saydullaev (25, 32-oʻz darv., 40), Islombek Biytoʻraev (40) - Shuhratbek Rashidov (10), Dilmurod Yusubjonov (14, 27-oʻz darv.), Ilhomjon Abdugʻaniev (19, 28) Ogohlantirish:Akmaljon Hazratqulov (19) – yoʻq.