DERBIDA ILK GʻALABA!

9 sentyabr kuni Yaypandagi markaziy "Oʻzbekiston" stadionida Pro liganing 5-turida "Fargʻona derbisi" maqomiga ega boʻlgan "Istiqlol" hamda "Neftchi" qarama-qarshiligi boʻlib oʻtdi.Bu bellashuvda nominal mezbon sifatida "Istiqlol" jamoasi roʻyxatdan joy oldi. Shu kungacha oʻzaro uchrashuvlarda gʻalaba nimaligini bilmay kelayotgan neftchilar bu salbiy holatni bartaraf etish ilinjida maydonga kirib keldilar. Taʼkidlash joizki,bahs juda murosasiz keskin va jangovar ruhda oʻtdi.Birinchi boʻlimning boshlari "Neftchi"ning hujumlari bilan boshlangan boʻlsa, keyinchalik tashabbus "Istiqlol" futbolchilariga oʻtib, ular bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishga erishdilar. Lekin tanaffusga jamoalar 0:0 hisobidagi durang natijasi bilan maydonni tark etishdi. Ikkinchi boʻlim aksincha nominal mezbonlarning xujumlari ostida boshlanganiga qaramay, neftchilar qarshi hujumlarga zoʻr berib, darvozani ishgʻol qilishga yaqin boʻldilar. Yuzaga kelgan qulay imkoniyatlardan futbolchilarimiz Otabek Zokirov hamda Doston Toshmatovlar oqilona foydalana olmadilar. Ikkinchi boʻlim oʻrtalariga kelib jamoamiz tarkibida bir qator oʻzgartirishlar amalga oshirildi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Eldor Ergashev, Dostonbek Bobojonov hamda Pavel Smolyachenkolar jamoa oʻyiniga qoʻshimcha ruh baxshida etishdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.Chunki yangi kuch va shijoat bilan bellashuvga kirishgan futbolchilarning saʼy-harakatlari natijasida neftchilarning hujumlari yanada keskin tus olib, 75-daqiqada mezbonlar darvozasi tomon penalti tepish huquqiga ega boʻldilar. Lekin toʻpurarimiz Otabek Zokirovning amalga oshirgan jarima toʻpini mezbonlar darvozaboni qaytarishga muvaffaq boʻldi va hisob oʻzgarmay qoldi.Bu omadsizlikdan tushkunlikka berilmagan neftchilar belgilangan maqsad sari intilishda davom etdilar. Navbatdagi hujumlarimizning birida zaxiradan maydonga tushgan tajribali futbolchimiz Eldor Ergashev uzoq masofadan yoʻllagan kuchli zarbasi darvoza toʻqqizligidan joy olib, supergolga aylandi 0:1. Shundan keyin "Istiqlol" futbolchilari hisobni oʻzgartirishga astoydil kirishib, bir necha bor darvozamiz yonida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Ammo, bu vaziyatlarda ishonchli oʻyin namoyish etgan posbonimiz Farruh Turdaliev darvozamiz daxlsizligini taʼminlab berdi.Hattoki, bosh hakam tomonidan qoʻshib berilgan 7 daqiqa vaqt ham "Istiqlol" jamoasini alamli magʻlubiyatdan asrab qola olmadi. Natijada matonat,gʻayrat-shijoat va iroda kuchini namoyish etgan "Neftchi" futbolchilari oʻzaro bahslardagi ilk gʻalaba nashidasini surishga muvaffaq boʻldilar. Bu gʻalabadan soʻng jamoamiz turnir jadvalida uchinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Qiyin va oʻta muhim gʻalaba muborak boʻlsin! "Neftchi" matbuot xizmati