Bu yilgi Pro-liga va Oʻzbekiston kubogi formati oʻzgaradi

Oʻzbekiston Superliga bahslari 13 iyundan davom ettirilishi barchaga maʼlum.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, undan keyingi oʻrinda turuvchi Pro-liga bahslariga iyun oyi soʻnggi kunlarida start beriladi. Dastlab ushbu liga klublari Oʻzbekiston kubogi oʻtish bosqichida ishtirok etishadi. Ushbu bahslar 23 iyun kuni start olishi kutilmoqda. Yaʼni 8ta klub qurʼa yordami bilan 4ta juftlikka boʻlinadi va bitta oʻyinda 4ta gʻolib aniqlanadi. Bunda qaysi klub mezbon boʻlishini qurʼa hal qiladi. 4ta gʻolib jamoa ham bitta oʻyin orqali ikki gʻolibni aniqlashadi. Aynan oʻsha ikki gʻolib klub Oʻzbekiston Kubogi guruh bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Guruh bosqichida Superliganing 14ta va Pro-liganing 2ta gʻolib klubi ishtirok etadi. Pro-liga bahslari formatida ham oʻzgarish roʻy beradi. 8ta klub uy-safar tizimida ikki davrali musobaqada qatnashishadi. 14ta turdan keyin 1-4-oʻrindagi klublar Superligaga chiqish uchun kurashni davom ettirishadi, 5-8-oʻrindagi klublar esa Pro-ligada qolish uchun kurashishadi. Bunda 2018 yil Superligada boʻlgani kabi oltin ochkolar boʻlishi nazarda tutilmoqda. 2020 yilgi Pro-liga gʻolibi toʻgʻridan-toʻgʻri Superligaga yoʻllanmani qoʻlga kiritsa, ikkinchi oʻrinni olgan klub Superligada 13-oʻrinni band etgan klubga qarshi pley-off bahsini oʻtkazadi. Bundan tashqari U-18 chempionati davom ettirilmaydi va bu yoshdagi jamoalar oʻz hududlaridagi ikkinchi liga musobaqasida ishtirok etishadi. Eslatib oʻtamiz, 2020 yilgi Pro-ligada "Neftchi" (Fargʻona), "Istiqlol" (Fargʻona), "Turon" (Yaypan), "Shoʻrtan" (Gʻuzor), "Dinamo" (Samarqand), "Xorazm" (Urganch), "Oq-tepa" (Toshkent) va "Zomin" (Zomin) klublari ishtirok etishadi. Mart oyi boshida Pro-ligaga qurʼa tashlangan biroq oʻyinlar sanalari maʼlum emas edi.
Manba : championat.asia