Jamoamizning braziliyalik yarim himoyachisi Ratinho Ferreira bugun jamoa matbuot xizmatiga bergan intervyusida mavsum boshlanishi, jamoaga moslashuvi, Superkubok finali hamda ilk goli haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ushbu qiziqarli va mazmunli intervyuni quyida o‘qib chiqishingiz mumkin.
Ratinho: “Neftchi — bu faqat klub emas, bu katta oiladir”
-Avvalo, sizni Superligadagi g’alabalar va Superkubok chempionligi bilan tabriklaymiz. Mavsumni bunday boshlash jamoa uchun qanchalik muhim?
-Rahmat. Mavsumni sovrin bilan boshlash har doim juda muhim. Bu jamoaga ishonch beradi, muxlislarni xursand qiladi va keyingi o‘yinlar uchun katta motivatsiya bo‘ladi. Bu natija — jamoaviy mehnatimizning samarasi.
-Sizning Neftchiga moslashuvingiz tez kechdi. Bu jarayonda eng katta omil nima bo‘ldi?
-Jamoa meni juda yaxshi qabul qildi. Murabbiylar shtabi va futbolchilar doim qo‘llab-quvvatladi. Dastlab jismoniy jihatdan biroz qiyinchiliklar bo‘ldi, lekin to‘g‘ri reja va sabr bilan bu bosqichni yengib o‘tdim. Hozir o‘zimni ancha ishonchli his qilyapman.
-Superkubok finali va urgan golingiz haqida gapirib bersangiz. Bu siz uchun qanchalik ahamiyatli?
-Bu gol mening faoliyatimdagi eng muhim gollardan biri bo‘ldi. Final o‘yinida jamoaga g‘alaba keltirish — bu katta mas’uliyat va faxr. O‘sha paytdagi hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu gol nafaqat men uchun, balki butun jamoa uchun muhim edi. Final hushtagi chalingach emotsiyalarni tariflashga til ojiz, ayniqsa to’la stadionda muhlislarimiz ko’z o’ngida bu ish bo’lgani ikki karra emotsiyalar berdi.
-O‘zbekistondagi faoliyatingiz va «Neftchi» jamoasiga chaqiruv haqida gapirib bering.
-O‘zbekiston futboli men uchun yangi bosqich bo‘ldi. Bu yerda men o‘zimni rivojlantirdim, tajriba orttirdim va yangi futbol madaniyatini o‘rgandim. Samarqanddagi mavsumlar menga katta tajriba berdi va aynan shu yo‘l meni Neftchiga olib keldi desam ham bo’ladi.
-Neftchining murabbiylar shtabi va o‘yin falsafasi haqida fikringiz qanday?
-Bu yerda hamma narsa aniq tizim asosida ishlaydi. Murabbiylar har bir detalga e’tibor beradi. Jamoa intizomi va o‘yinga yondashuvi yuqori darajada. Bu esa natijalarda yaqqol ko‘rinmoqda.
-Neftchiga kelishdan oldin jamoa haqida nimalarni bilardingiz?
-Neftchi tarixga ega klub ekanini bilardim. Bu yerda muxlislar juda talabchan va sodiq. Shuningdek, klubning maqsadlari katta — nafaqat ichki chempionat, balki Osiyoda ham muvaffaqiyat qozonishga harakat qiladi.
-Neftchi muxlislari haqida fikringiz qanday? Ular sizga qanday ta’sir qilmoqda?
-Muxlislar — bu jamoaning yuragi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi maydonda katta kuch beradi. Stadiondagi atmosfera meni Braziliyadagi muxlislarni eslatadi. Bu energiya futbolchiga qo‘shimcha motivatsiya beradi.
-Sizning maydondagi rolingiz va o‘zingizni qanday futbolchi deb hisoblaysiz?
-Men jamoaga foyda keltirishga harakat qiladigan futbolchiman. Har doim g‘alaba uchun kurashaman. Agar imkon bo‘lsa, gol uraman, assist qilaman va jamoaga maksimal yordam berishga intilaman.
-Neftchi bilan oldingizga qo‘ygan shaxsiy va jamoaviy maqsadlaringiz qanday?
-Jamoa bilan chempionlikni yana qo‘lga kiritishni xohlayman. Kubokni yutish ham muhim maqsad. Eng katta orzulardan biri — Osiyo musobaqalarida tarix yaratish.
-Bu yerdagi muxlislar va stadion muhiti sizga Braziliyani eslatadimi?
-Ha, albatta. Bu yerda muxlislar juda ehtirosli. Stadiondagi atmosfera juda kuchli va bu jamoaning yaxshi natijalariga katta ta’sir qiladi. Muxlislarimizga katta rahmat aytmoqchiman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi biz uchun juda muhim. Biz har bir o‘yinda ular uchun kurashamiz va ularni xursand qilishga harakat qilamiz.
🟢»Neftchi» PFK matbuot xizmati
