Turkiyaning Antalya shahrida yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrayotgan jamoamiz bugun navbatdagi nazorat bahsida Qozogʻiston Premer ligasi vakili «Atirau» klubi bilan uchrashdi. Yigitlarimiz bellashuvni hujumkorlik va shiddat bilan boshladilar. 7-daqiqada chap qanotdan chernogoriyalik Vladimir Yovovich bir necha raqiblarni aldab oʻtib, jarima maydoniga yaqinlashganda uni toʻxtatish uchun himoyachilar qoida buzishga majbur boʻldilar. Bu vaziyatda bosh hakam ikkilanmay jarima belgiladi. Jarima toʻpini Bilolxon Toshmirzayev qoyilmaqom tarzda darvozaga yoʻnaltirdi. Toʻp jonli devordagi futbolchiga tegib, rikoshet usulida oʻz yoʻnalishini oʻzgartirgan holda darvoza toʻridan joy oldi 1:0. Navbatdagi xavfli hujumimiz bir daqiqadan soʻng yuzaga keldi. Gol muallifiga aylangan Bilolxon Toshmirzayev jarima maydonchasi yaqinida toʻpga egalik qilib kuchli zarba yoʻlladi. Ammo bu safar uning zarbasiga aniqlik yetishmadi. Biroq, yigitlarimiz hujumkorlikni qizgʻin davom ettirdilar. Uchrashuvning 34-daqiqasida Vladimir Yovovich toʻpni Abror Ismoilovga oshiradi, Abror esa bitta harakat bilan toʻpni serbiyalik Zoran Marushichga uzatadi. Deyarli birga-bir vaziyatga chiqib borgan hujumchimiz esa qozogʻistonlik posbonni dogʻda qoldirib, hisobni oshiradi 2:0. Tanaffusga shu hisob bilan chiqildi.
Uchrashuvning ikkinchi boʻlimida raqiblar magʻlubiyatdan chiqish uchun astoydil harakat qildilar. Lekin, fargʻonaliklar bunga yoʻl qoʻyishmadi. Himoyada ham, yarim himoya va hujumda ham tashabbuskorlikni qoʻldan berishmadi. Afsuski, yigitlarimizning hujumkorlik harakatlarida aniqlik yetishmadi. Darvozaga yoʻnaltirilgan toʻplar noaniqlik tufayli samara bermadi. Shu tariqa bu uchrashuv 2:0 hisobida neftchilar foydasiga hal boʻldi.
«Neftchi» Turkiyada oʻtgan yilgi tayyorgarlik jarayonidan ham shu jamoa bilan uchrashib 1:1 hisobidagi durang natijaga erishgan edi. Demak, jamoamizda bu yil ancha oʻsish va mahorat kuchaygan. Shu bois, kelgusi bahslarda yigitlarimiz yanada samarali natija koʻrsatishlarini tilab qolamiz.
Nazorat o‘yini, Antaliya
«Neftchi» – «Atirau» 2:0
Gollar: Bilolxon Toshmirzayev 7, Zoran Marushich 34.
«Neftchi»: Eldor Suyunov, Muhsin Ubaydullayev, Anvar Gʻofurov, Shohruh Yoqubjonov, Bilolxon Toshmirzayev, Shohruh Gadoyev (Ibrohim Halil Yo‘ldoshev), Jamshid Boltaboyev (Muhammadali Gʻiyosov), Abror Ismoilov, Ikrom Aliboyev, Zoran Marushich (Toma Tabatadze), Vladimir Yovovich (Quvondiq Ro‘ziyev)
«Neftchi» PFK matbuot xizmati
Бошқа хабарлар
SUPERLIGA – 2025 BIRINCHI DAVRA TAQVIMI
ERTAGA NAZORAT UCHRASHUVI BOR
RASMAN: IBROHIMHALIL YO`LDOSHEV «NEFTCHI» FUTBOLCHISI!