"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

NOXUSH AN’ANAGA CHЕK QO‘YILDI

Superliga chempionatining ikkinchi tur uchrashuvini «Neftchi» jamoamiz Surxondaryo markazidagi Termiz shahridagi markaziy o‘yingohda o‘tkazdi. «Surxon» klubi bilan bo‘lib o‘tgan bellashuv o‘ziga xos tarixga ega. Farg‘ona jamoasi 2004 yildan beri Termizda g‘alaba nashidasini sura olmagan. Shu bois, yigitlarimiz uchrashuv boshlanishi oldidan noxush an’anaga chek qo‘yish va bu galgi uchrashuvni faqat g‘alaba bilan yakunlash istagida maydonga tushdilar.Bellashuv har ikkala jamoaning shiddati, harakati va birinchi bo‘lib hisobni ochishga urinishi bilan boshlandi. Lekin bu urinishlar uchrashuvning 40-daqiqasigacha natija bermadi. Shundan so‘ng o‘ng qanotdan uyushtirilgan navbatdagi hujumni baland bo‘yli legionerimiz Stipe Peritsa raqiblar darvozasiga to‘pni aniq yo‘llab, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi 0:1. Birinchi bo‘lim shu ko‘rinish bilan yakunlandi.

Bellashuvning ikkinchi bo‘limida jamoamiz tashabbusni to‘la qo‘lga olish va hujumni kuchaytirish rejasini amalga oshira boshladi. Bu harakat 48-daqiqada o‘z natijasini ko‘rsatdi. Birinchi to‘p muallifi Stipe Peritsa yana darvozani ishg‘ol qilib, hisobni oshirdi 0:2. 73-daqiqada esa serbiyalik yarim himoyachimiz Yovan Jokich ham darvozani aniq mo‘ljalga olib, farg‘onaliklarning uchinchi goliga egalik qildi 0:3. Shundan keyin maydon egalari yirik mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun yoppasiga hujumga o‘tdilar. Ammo ularning xavfli zarbalarini mahoratli posbonimiz Botirali Ergashev mohirlik bilan qaytarib, darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldi. Bu shiddatli tarzda kechgan uchrashuv yirik hisobdagi natija bilan yakunlandi. Sevimli jamoamiz ikkita bullashuvni ham g‘alaba bilan yakunlab, turnir jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda.

Uchinchi tur bellashuvi 10 mart kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Islombek Ismoilov shogirdlari qo‘shni «Andijon» jamoasini qabul qiladi. Bu uchrashuvda ham yigitlarimizga g‘olibona shiddat va omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

 

Superliga

2-tur

«Surxon» – «Neftchi» 0:3

Termiz. «Surxon Arena». 19:30

Gol: Stipe Peritsa (Izzatillo Po‘latov) 40′, Stipe Peritsa 48′, Yovan Jokich (Farruh Sayfiyev) 72′

Bosh hakam: Ravshan Abduvohidov

Yordamchi hakamlar: Shavkat Rahmatov, Akmal G‘iyosov

Zahira hakami: Alisher Rahimqulov

Nazoratchi: Zokir Qodirov

VAR: Rustam Lutfullin

AVAR: Kristina Sereda

Komissar: Jalolxon Inog‘omxo‘jayev

«Surxon»: 25.Otabek Boymurodov, 2.Behruz Karimov, 3.Behruz Jumatov, 9.Stiven Chinedu, 10.Sunnatilla Abdullajonov (77.Asadbek Karimov, 71), 11.Richard Fraydey (33.Umidbek Quvondiqov, 81), 14.Tohir Ashurbayev (91.A’zamjon Temirxonov, 81), 17.Sarvar Abduhamidov (19.Farruh Qodirov, 64), 21.Tornike Dzebniauri, 26.Behruz Shukurullayev, 27.Muhammadali Musaxonov.

Zaxira: 86.Davron Merganov, 31.Kamron Ergashev, 38.Shohruh Qaxorov, 55.Yahyobek Zokirov, 78.Jamshid Omonov.

«Neftchi»: 1.Botirali Ergashev, 2.Izzatillo Po‘latov (8.Vladimir Yovovich, 60), 4.Boyan Siger, 9.Xurshid G‘iyosov (22.Alisher Odilov, 46), 10.Jamshid Iskanderov, 11.Asilbek Jumayev (7.Abrorbek Ismoilov, 46), 18.Stipe Peritsa (32.Zoran Marushich, 60), 20.Anvarjon G‘ofurov, 23.Yovan Jokich (6.Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, 79), 30.Rustambek Fomin, 34.Farruh Sayfiyev.

Zaxira: 45.Akbar To‘rayev, 14.Daler Tuxsanov, 21.Muhsinjon Ubaydullayev, 77.Ratino.

Ogohlantirish: Tohir Ashurbayev (44).

Улашинг: