
Mustaqillik yillari davomida jahon chempionatiga chiqish uchun kurashib, ko‘ngildagidek natijaga erisholmagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Timur Kapadze boshchiligida bu orzu xavasni amalga oshirdi.5 iyun kuni JCH-2026 ga yo‘llanma olgan terma jamoamiz poytaxtdagi «Bunyodkor» stadionida Qatar terma jamoasi bilan bellashib, yirik g‘alabaga erishdi. Shunisi diqqatga sazovorki, bu uchrashuvni Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan qator davlat rahbarlari bilan birga tomosha qilib, uchrashuv so‘nggida jahon chempionatiga chiqqan g‘olib yigitlarimizni yuksak unvon va mukofotlar bilan tabrikladi. Gʻoliblar orasida milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze va «Neftchi»ning Botirali Ergashev, Farrux Sayfiyev va Jamshid Iskanderov kabi vakillari bor edi.Bugun» Neftchi»qarorgohida yigitlarni viloyat hokimi Hayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat va mutasaddi idoralarning rahbarlari tantanali ravishda kutib oldilar.Hayrullo Hayitboyevich futbol qahramonlariga zarto‘nlar kiydirib, maxsus sovg‘alarni topshirdi. Mukofotlanganlar orasida futbol faxriysi Tohir Kapadze ham bor edi. Ular so‘zga chiqib, katta e’tibor va yuksak mukofotlar uchun samimiy minnatdorchilik izhor etdilar va Farg‘ona futbolini, O‘zbekiston futbolini yanada yuksak cho‘qqilarga ko‘tarish uchun barcha kuch va mahoratlarini ishga solajaklarini bayon etdilar.
«Neftchi» qarorgohidagi bu tantana chinakam futbol bayramiga aylanib ketdi.