
Superliganing 10-tur bahsida Vitaliy Levchenko bosh murabbiyligidagi «Neftchi» jamoamiz turnir jadvalida 22 ochko bilan karvonboshilik qilib kelayotgan Olmaliqning OKMK klubi mehmoni bo‘ladi. Bu bahs Superligada 10- turni yakunlab beruvchi, turnir yakka peshqadamini aniqlovchi muhim va maftunkor bellashuv bo‘ladi. Shunisi diqqatga sazovorki, peshqadamlik uchun dadil qadam tashlayotganlar orasida sevimli jamoamiz «Neftchi» ham bor.
Raqibimiz OKMK futbol klubi 2004 yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qoshida tashkil etilgan. Ushbu klub 2008 yildan boshlab O‘zbekiston chempionatining Oliy divizionida ishtirok etib kelmoqda. O‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar tashlasak, OKMK bilan «Neftchi» futbol klubi milliy chempionatimiz doirasida jami 30 marta raqobatlashgan bo‘lib, mazkur bellashuvlarda 8 marta OKMK, 14 tasida esa «Neftchi» ustunlik qilgan. 8 ta o‘yinda jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan. Umumiy to‘plar nisbati 39-51 farg‘onaliklar foydasiga. O‘zaro o‘yinlarda OKMKning eng yirik g‘alabasi 3:0, «Neftchi»ning eng yirik g‘alabasi 4:0 bilan yakun topgan.
Olmaliqda qayd etilgan oxirgi 5 uchrashuv natijalari quyidagicha
28.10.2024.
OKMK-«Neftchi» 1:2
26.08.2023.
OKMK-«Neftchi» 1:1
27.05.2022.
OKMK-«Neftchi» 3:1
15.09.2018.
OKMK-«Neftchi» 0:1
30.09.2017.
OKMK-«Neftchi» 1:2
Eslatib o‘tamiz, 19 may dushanba kuni Olmaliqda kechadigan OKMK-«Neftchi» uchrashuvini Timur To‘xtasinov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi. Bellashuv soat 20:00 da boshlanadi.
Ushbu jiddiy, murosasiz va shiddatli bahsda yigitlarimizga g‘olibona kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat va omad tilaymiz.