"NEFTCHI"

Professional footbal сlub

ANTALIYADAGI YIG‘INGA JALB QILINGAN YOSH FUTBOLCHILAR HAQIDA

Sevimli jamoamiz yangi mavsumga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida azaliy an’anaga muvofiq o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazmoqda.
Klub rahbariyati tomonidan jamoani yosh, iste’dodli va salohiyatli futbolchilar bilan bosqichma-bosqich kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois, sizlarni yig‘inlarga jalb etilgan yosh futbolchilar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Nurbek Sarsenbayev — 2008-yil 27-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tug‘ilgan. Ampluasi — hujumchi. Futbolchilik faoliyatini “Jayxun” klubida boshlagan, 2025-yildan buyon “Neftchi” yoshlar jamoasi a’zosi hisoblanadi. Nurbek O’zbekiston U-17 safida Osiyo chempionligini qo’lga kiritgan.

Azizbek Erimbetov — 2008-yil 29-may kuni tavallud topgan. Ampluasi — yarim himoyachi. Futbolchilik faoliyatini 2021-yilda “Metallurg” klubida boshlagan. 2024-yilda “Jayxun” jamoasi sharafini himoya qilgan va 2025-yildan “Neftchi” yoshlar jamoasi tarkibida to‘p surib kelmoqda.Futbolchi O’zbekiston U-17 safida Osiyo chempionligini qo’lga kiritgan.

Mo‘minxon Bahodirxonov — 2008-yil 30-mart kuni Namangan shahrida tug‘ilgan. Ampluasi — tayanch yarim himoyachi. Futbolchilik faoliyatini 2022-yilda RKOR (Toshkent) jamoasida boshlagan. 2024-yilda “Olimpiya” hamda “Olimpik” klublarida faoliyat yuritgan. 2026-yildan e’tiboran “Neftchi” PFK a’zosi hisoblanadi. Bahodirxonov O’zbekiston U-17 safida Osiyo chempionligini qo’lga kiritgan.

Daler Tuxsanov — 2005-yil 9-iyul kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ampluasi — yarim himoyachi. Futbolchilik faoliyatini 2020-yilda “Paxtakor” klubida boshlagan. Keyinchalik “Olimpik Mobiuz” jamoasida to‘p surgan futbolchi 2026-yilda “Neftchi” PFK safiga qo‘shildi.
Ibrohim Shukurov – 2008-yil 18-mart kuni tug’ilgan darvozabon, faoliyatini “Paxtakor” jamoasida boshlagan, yangi mavsumda esa jamoamiz darvozasi dahlsizligini qo’riqlaydi.

Azizbek Muratov — 2007-yil 22-fevral kuni Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyatida tug‘ilgan. Ampluasi — hujumchi. Futbolchilik faoliyatini 2021-yilda Marg‘ilonning “Farovon” klubida boshlagan. 2023-yilda Tojikistonning “Eskhata” jamoasida to‘p surgan. 2025-yilning birinchi yarmida “Surxon” (Termiz) klubi sharafini himoya qilgan bo‘lsa, ikkinchi davradan boshlab “Neftchi” yoshlar jamoasi a’zosi sifatida maydonga tushmoqda.Futbolchi ayni paytda Tojikiston U-21 terma jamoasi a’zosi hisoblanadi

Muhammadqodir Rasuljonov — 2007-yilda Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida tug‘ilgan. Ampluasi — himoyachi. Futbolchilik faoliyatini 2020-yilda Marg‘ilonning “Farovon” jamoasida boshlagan. 2023-yilda Quvasoyning “Sementchi” klubiga o‘tgan. 2025-yildan buyon “Neftchi” yoshlar jamoasi a’zosi hisoblanadi.

Nurmuhammad Abdug‘aniyev — 2007-yil 24-avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida tavallud topgan. Ampluasi — himoyachi. Futbolchilik faoliyatini 2020-yilda Marg‘ilonning “Farovon”, 2023-yilda Quvasoyning “Sementchi” klublarida olib borgan. 2025-yildan “Neftchi” yoshlar jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda.

Ushbu yosh futbolchilar Antaliyadagi yig‘inlarda o‘z mahoratlarini namoyon etib, jamoamiz oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar sari dadil qadam tashlashda munosib hissa qo‘shishlariga ishonamiz.

🌲“Neftchi” PFK matbuot xizmati

Улашинг: