Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakatimizda yoshlar tarbiyasini kuchaytirish, har sohada yosh o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga jiddiy e’tibor bermoqda.Yurtboshimiz ko‘rsatmalari,qaror va farmonlari asosida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga ommaviy ravishda jalb etish yuzasidan viloyatimizda ham katta ishlar olib borilmoqda.
Bugun O‘zbekiston chempioni va O‘zbekiston Superkubogining sohibi «Neftchi» jamoasi Qo‘shtepa tumanining Paxtakor qishlog‘idagi 31-maktabda tuman yoshlari bilan uchrashib,sportga,shu jumladan futbolga bo‘lgan ishtiyoqni keng ommalashtirish tadbirini o‘tkazdi.O‘zbekiston chempioni bilan tumanning mazkur chekka qishlog‘ida qiziqarli suhbat va keng ko‘lamli uchrashuv o‘tkazilishi bejiz emas.Qishloq ahli futbol uchrashuvlari,ayniqsa,»Neftchi» ishtirokidagi bellashuvlarni muntazam ravishda bevosita stadionda kuzatib borish va sevimli jamoani jo‘shqin qo‘llab quvvatlash uchun «Istiqlol» o‘yingohiga tashrif buyuradi.
Futbolchilar bilan tuman yoshlarining uchrashuv va suhbatlarini Qo‘shtepa tumani hokimi Anvarjon Abdullayev ochib,davlatimiz rahbari va viloyat hokimi ommaviy futbolni rivojlantirish haqida tinmay g‘amho‘rlik qilayotganliklari va jonbozlik ko‘rsatayotganliklarini aytib,tuman aholisi, ayniqsa yoshlar «Neftchi» jamoasiga butun vujudlari bilan mehr qo‘yganliklarini ta’kidladi.Shundan keyin tadbirga yig‘ilganlarning gulduros qarsaklari ostida so‘zga chiqqan «Neftchi» PFK bosh murabbiyi Islombek Ismoilov futbol jamoasi erishilgan yutuqlarni mustahkamlash,ishqibozlarni doimiy g‘alaba va yutuqlar bilan quvontirish yuzasidan izchil ish olib borayotganini ta’kidladi.
— «Neftchi»ning mamlakat futbolidagi salohiyati muntazam ortib bormoqda,-dedi Islombek Ismoilov.-Bunga O‘zbekiston terma jamoasiga bizning klubimizdan besh nafar futbolchi jalb etilganligi, ular terma jamoa tarkibida iyun oyida boshlanadigan jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga puxta tayyorgarlik ko‘rayotganligi yorqin misoldir.
Shundan keyin jamoa rahbarlari,futbolchilari va davra ishtirokchilari o‘rtasida qizg‘in suhbat va savol-javoblar avj oldi.Jamoa sardori Anvarjon G‘ofurov,mashhur futbolchilardan Ikrom Aliboyev,Muxsinjon Ubaydullayev va Stipe Peritsalar futbol ishqibozlari savollariga batafsil javob qaytarib,Farg‘ona futbolining jahon miqyosidagi dovrug‘i va obro‘ e’tiborini yuksak cho‘qqilarga ko‘tarish uchun olib borilayotgan ishlar,sa’y harakatlar haqida keng ma’lumotlar berdilar.Tadbir yakunida tuman hokimi Anvarjon Abdullayev barcha qo‘shtepaliklar nomidan sevimli jamoaga mamlakat chempionati hamda kubogi musobaqalarida yangi muvaffaqiyatlar tiladi va tuman ahliga katta e’tibor berib,futbolchilar bilan uchrashuv va qiziqarli suhbatlarni ko‘ngildagidek tashkil etgani uchun jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilovga esdalik sovg‘alari topshirdi.





























