Kutilganidek bugungi uchrashuv shiddatli va keskin kurashlar ostida kechdi. Bellashuvni ikkala jamoa ham faol boshladi. Lekin tajribali futbolchilarimiz o‘yin nazoratini asta-sekin o‘z tomoniga og‘dirib oldi va tez-tez raqiblar darvozasiga xavf solib turdi. Bu urinishlar 14-daqiqada samarali bo‘lib chiqdi. O‘ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga yorib kirgan Asilbek Jumayev kuchli zarba yo‘lladi, to‘pni darvozabon qaytardi, lekin qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan xorvatiyalik hujumchimiz Stipe Perica aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol etdi 0:1. Hisobda oldinga chiqib olgan vakillarimiz bosim uyushtirishda davom etishdi va navbatdagi golli vaziyat esa 43-daqiqada yuzaga keldi. Alisher Odilov jarima maydonchasi ichida to‘pga yugurib chiqqan darvozabonni aldab o‘tib zarba yo‘lladi. Ammo to‘p raqib himoyachilariga tegib maydonni tark etdi.
Ikkinchi bo‘lim ham jamoamiz hujumkorligi bilan boshlandi. Murabbiylarimiz ikkinchi bo‘limda yangi kuchlarni maydonga tushirishdi. O‘yinga qo‘shilgan Abrorbek Ismoilov va Zoran Marushichlar jamoamiz shiddatini va o‘yin maftunkorligini yanada oshirdi va aynan Abrorbek Ismoilov uzoq masofadan oshirilgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, to‘pni to‘xtatmasdan kuchli zarba berdi va raqiblar darvozasini ikkinchi marta ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi 0:2. Kiritilgan gol yigitlarimizni yanada ruhlantirdi va ular uchrashuv davomida juda ko‘plab golli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Ammo ushbu vaziyatlarda yigitlarimizga biroz omad yetishmadi. 87-daqiqada esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Izzatillo Po‘latov raqibiga nisbatan qo‘pol o‘ynaganligi uchun unga bosh hakam qizil kartochka ko‘rsatdi va maydondan chetlatdi. Kamchilikda qolgan futbolchilarimiz baribir hujumkorlikni susaytirmadi va raqib darvozasiga tez-tez xavf solib turishdi. Ikkinchi bo‘limga bosh hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalar ham o‘yin hisobiga o‘zgarish kiritmadi va yakunda jamoamiz Urganchda muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, peshqadamlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Superliga. 9-tur
“Xorazm” 0:2 “Neftchi”
Gollar: Stipe Perica, 14’ (0:1), Abrorbek Ismoilov, 59’ (0:2)
Bosh hakam: G‘ayrat Jo‘rayev
Yordamchi hakamlar: Mahmud Turdiyev, Feruz Dostonov
Zaxira hakami: Sevdiyor Xamrsqulov
VAR: Doston Rahmonov
AVAR: Shoxnurch Yo‘ldoshev
Nazoratchi: Olimjon Abduvasilov
Komissar: Oybek Davletmurodov
🟢 «Neftchi»: 1.Botirali Ergashev, 6.Ibrohimhalil Yo’ldoshev (2.Izzatillo Po’latov, 72), 10.Jamshid Iskanderov (8.Vladimir Yovovich, 80), 11.Asilbek Jumaev (7.Abror Ismoilov, 60), 15.Nurmuhammad Abdug’aniev, 18.Stipe Perica (32.Zoran Marushich, 60), 21.Muhsin Ubaydullaev, 22.Alisher Odilov (9.Xurshid G’iyosov, 72), 23.Yovan Jokich, 34.Farruh Sayfiev, 77.Ratino.
Zaxira: 45.Akbar To’raev, 5.Ikrom Aliboev, 20.Anvar G’ofurov, 30.Rustambek Fomin.
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov
🟥 Chetlatish: Izzatillo Po’latov (87).
