
O‘zbek futboli faxriysi, uzoq yillar davomida murabbiy, turli futbol tashkilotlarida rahbar, direktor sifatida faoliyat yuritgan hamda yurtimizda futbolni rivojlantirishga barakali hissa qo‘shgan Tohir Veysalovich Kapadzening 70 yoshli yubileyi Farg‘onada katta futbol bayramiga aylanib ketdi.
Bu tadbirni yuksak saviyada o‘tkazish uchun Toshkentdan O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi rahbariyati, futbol terma jamoalarning murabbiylari, To‘lagan Isoqov, Odil Ahmedov kabi o‘zbek futbolining afsonaviy qahramonlari va shu sohaning elda shuhrat qozongan faxriylari va jamoatchilik vakillari yetib kelishdi. Ular viloyat hokimligi, viloyat futbol assosiatsiyasi va sport boshqarmasining mas’ul vakillari ishtirokida Farg‘ona futbol akademiyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. So‘ngra «Neftchi» futbol klubi qarorgohiga tashrif buyurdilar. Bu yerda ularni jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko va mas’ul mutasaddilar kutib olib, qarorgohni qayta qurish, yangilash, obodonlashtirish va qo‘shimcha maskanlar bilan kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Viloyat hokimligi va futbol assosiatsiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.Tashrif oxirida bir vaqtlar «Neftchi»ga rahbarlik qilgan Tohir Kapadzega uning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan ismi sharifi yozilgan futbol libosi yubilyarga tantanali ravishda topshirildi. So‘ngra jamoa vakillari mehmonlar bilan esdalik uchun suratga tushdilar.